"Ифторликда меҳмон кутиш одоблари" (Танловга юборилган мақолалардан)
Добавлено: 24 apr 2022, 08:35
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Olamlar Robbi bo'lgan Allohga O'zining buyukligi qadar hamdlar bo'lsin. Hadisga ko’ra ummatlariga: "Kim Allohga va ohirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, mehmonini ikrom qilsin" deya hitob qilgan habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vassallamga durudu salovatlar bo'lsin. Dinimizda mehmondo'stlikka katta e'tibor berilib, mehmonni chiroyli sur’atda kutib olish va u(mehmon)ning ko'nglini xushnud holda kuzatishda musulmonlarga teng keladiganini topish mushkul. Ushbu odatga ayniqsa Ramazon oyida keng targ'ib qilinadi. Mezbon avvalo Alloh roziligi uchun hamda ro'zadorlarning iftorlik savoblariga sherik bo'lishlik uchun toqati yetguncha harakat qiladi. Keling, muslimam quyida siz azizalarga mehmondo‘stlik borasida kichik maslahatlar berib o'tamiz inshaAlloh:Dinimizga ko'ra, har bir ishdan oldin go'zal niyat qilishga chaqirilganmiz. Shunday ekan, iftorlik uchun mehmon kutishlikda ham ushbu qoidaga amal qilsak nur ustiga a'lo nur bo'ladi. Avvalo, Robbimiz roziligi uchun hamda payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassallam mehmondo'stlikka targ'ib qilganliklari uchun deya bu ishga bel bog'lasak, yuksak ajrlarga ega bo'lamiz in shaa Alloh.
Har bir ishning asosida rejali bo'lsak va vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga e'tibor bersak, ishlarimiz ham unumli ham barakali bo'ladi. Avvalo, qilinadigan ishlar ro'yxatini tuzib olamiz: uylarni tozalash, iftorlik uchun taom dasturini tuzish, kerakli mahsulotlarni sotib olish, dasturxon bezash, taomlarni tayyorlash, ularni dasturxonga to'g'ri joylashtirish va hokazolar. Qilinadigan ishlarni birin ketinlikda yozamiz va taxminan qancha vaqt olishini ham yoniga belgilab qo‘yamiz. Shu yozganimizga ko'ra va reja asosida ishlarni boshlaymiz. Iftorlik uchun taom dasturini tuzayotganda bir nechta jihatlariga e'tibor berishimiz lozim. Avvalo taomlar sonini ko'paytirib, isrofga sabab bo’lmaslik lozim. Chunki, iftorlikda ko'p ovqatlansak, kechki ibodatlarimizga mallollanib qolishimiz mumkin. Taom daturida bitta suyuq taom, yengil salat va ichimlik bo'lsa shuning o’zi ham kifoya bo'ladi. Ortiqcha taomlar-u yeguliklarga hojat yo'q.
Iftorlikni avval hurmo va suv bilan boshlab, keyin ozgina salat tanavvul qilib olgan avzal. Salatimiz sabzavotlardan tayyorlangan mayonezsiz bo'lgani ma'qul. Nafsimiz o’ziga kelgach, shom namozini o'qib olamiz va issiq suyuq taomni tanovul qilishimiz mumkin bo’ladi. Suyuq taom, yengil hazm bo'ladigan va iloji bo'lsa qaynatib pishirilgan bo'lishi afzaldir. Chunki kun davomida hech narsa yemay, birdan og'ir ovqat yesak oshqozonimizni zo'riqtirib qo'yishimiz mumkin. Ichimlikka kelsak, tabiiy sharbat, choy yoki oddiy suv bo’lsa ham bo'ladi. Iftorlikda gazli ichimlik, kofe va achchiq choy ichmagan ma'qul. Chunki, ular organizmimizda yanayam suvsizlikni chaqirib, tez chanqashga olib keladi.
Mexmonlarni kutib olish vaqti ham yetib keldi. Ularni ochiq yuz bilan hushnud holda kutib olamiz. Iftorlik vaqtidan biroz avvalroq mexmonlar kelish vaqtini belgilasak, mexmonlar bilan iftorlik vaqti kirguncha bir oz suhbatlashib olishimiz mumkin. Ularga shirin so'zlar aytib, qo'limizdan kelgancha ko'ngillarini olamiz. Ko'rsatib o'tilgandek taomlarni tortiq qilib, ohirida hayrli duolar qilamiz. Ko'p vaqtlarini olmaymiz. Chunki, kechki ibodatlari uchun tayyorlanib olishlari uchun vaqt kerak bo'ladi. Yana kelishlarini so'rab, samimiy hayrlashamiz.
Mana muslimalar sizlarga qo'limizdan kelgancha o'z tajribalarimizdan kelib chiqqan holda holis tavsiyalarimizni berdik. Bu yo'lda sizlarga chinakam ixlos, kuch-quvvat va sabr tilaymiz. Robbingiz roziligi yo'lida hech qachon bu kabi ishlardan tolmang.
Xato kamchiliklar bo'lsa, bizdan, biror hayrli tomoni bo'lsa Robbimizning fazlidan deb qabul qilasiz.
Shahzoda